Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhitni shakllantirishga qaratilgan Milliy dasturni amalga oshirish jarayoni rasman boshlandi. Ushbu tashabbusning ishlab chiqilishi va ijrosi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi tomonidan muvofiqlashtirib borilishi maʼlum qilindi.

Yangi dastur xodimlarning huquqlari hamda qadr-qimmatini himoya qilish, tazyiq, zoʻravonlik hamda kamsitish holatlarining oldini olishga qaratilgan. Shuningdek, hujjat huquqbuzarliklar yuzasidan kelib tushadigan murojaatlarni koʻrib chiqishning yanada samarali mexanizmlarini yaratishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Dasturni amaliyotga tatbiq etish vazifalari Toshkent shahrida oʻtkazilgan maxsus muhokamada koʻrib chiqildi. Unda davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish boʻyicha hamkorlar vakillari ishtirok etib, tadbirda 70 nafarga yaqin mutaxassis qatnashgani qayd etildi.

Yigʻilishda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining (UNFPA) Oʻzbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade va boshqa masʼul shaxslar nutq soʻzlab, qonunchilik kafolatlarini amalda samarali ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish muhimligini taʼkidladilar.

Source: kun.uz