Toshkent tumanida mansabdor shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi. Xususan, tuman hokimi oʻrinbosari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish niqobi ostida katta miqdordagi pora talab qilgani aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining tezkor tadbiri natijasida u qonunbuzarlik ustida ushlandi.
Maʼlum boʻlishicha, mansabdor shaxs tadbirkorga zamonaviy qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasidagi 1 gektar yer maydonini auksion savdolari orqali olib berishni vaʼda qilgan. Oʻz navbatida, bu "xizmat" evaziga u tadbirkordan naqd 25 ming AQSh dollari talab qilgan va bu ishni davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali hal etishini iddao qilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida hokim oʻrinbosari talab qilingan pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz