Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish hamda ularning huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash borasida navbatdagi muhim qadam tashlandi. Prezidentning 14-oktabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, Samarqand shahrida “Barnaxus” ilg‘or modeli asosida “Najot” bolalar markazini tashkil etish belgilandi. Ushbu tashabbus jabrlangan voyaga yetmaganlarning tergov va protsessual harakatlar davomida qayta ruhiy jarohatlanishining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, mamlakat miqyosida ilk bor amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, 2026-yil 20-oktabrdan boshlab Samarqand viloyatida sodir etilgan ayrim turdagi og‘ir jinoyatlar, jumladan, jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar va odam savdosi holatlari bo‘yicha jabrlangan bolalarni so‘roq qilish va boshqa tergov harakatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu markazning ixtisoslashtirilgan xonalarida o‘tkaziladi. Jarayon bolaning psixologik holatini hisobga olgan holda, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan prokuratura xodimi — intervyuyer tomonidan olib boriladi. Bunda barcha harakatlar majburiy tartibda audio va videoyozuvga olinib, keyinchalik sud muhokamasida bolani takroriy chaqirmasdan turib asosiy dalil sifatida foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlarida jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida qatnashayotgan bolalarga davlat hisobidan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan malakali advokatlar yuridik yordam ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yiladi. Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi tomonidan bu borada maxsus reyestr yuritilib, yil yakuniga qadar har bir hududdan kamida 10 nafar advokat xalqaro standartlar asosida o‘qitilishi rejalashtirilgan. Bunda ayol advokatlarga ustuvorlik berilishi ko‘zda tutilgan.

Markaz faoliyatini moliyalashtirish Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan bolalar va fuqarolar uchun kecha-kunduz ishlaydigan 1246 qisqa raqamli ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilib, u 112 yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilinmoqda. Hujjat ijrosini samarali tashkil etish va nazorat qilish Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov, Bosh vazir Abdulla Aripov hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov zimmasiga yuklatilgan.

Source: www.gazeta.uz