Samarqand viloyatida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun zarur protsessual harakatlarni xavfsiz sharoitlarda o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus «Najot» markazi tashkil etilmoqda. Ushbu muassasada malakali psixologlar ishtirokida ish olib borilishi, shuningdek, so‘roq qilish va boshqa harakatlar qat'iy ravishda audio va video yozuvga olinishi ko‘zda tutilgan. Yangi chora-tadbirlar, shuningdek, bolalarni himoya qilish uchun maxsus advolatlarni tayyorlashni va 1246 ishonch telefonini 112 yagona tezkor xizmat tizimiga integratsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
«Najot» markazi Milliy ijtimoiy himoya agentligining Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiyalash markazi huzurida alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda ochiladi. Uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun to‘rtta shtat birligi ajratilgan bo‘lib, zaruriyat tug‘ilganda jarayonga psixologlar, psixiatrlar, pedagoglar, reabilitologlar va boshqa tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi mumkin. 20-oktabrdan boshlab markazda voyaga yetmagan jabrlanuvchilarni so‘roq qilish, ekspertiza uchun namunalar olish va boshqa protsessual harakatlar bajarila boshlaydi.
Barcha protsessual harakatlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan prokuratura xodimi tomonidan markaz psixologining xulosasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Jarayonda bolaning qonuniy vakili, advokati, tergovchi, ekspertlar va ijtimoiy xodim ishtirok etishi mumkin. Qonunchilikka ko‘ra, yozuvlarni markazning o‘zida saqlash, ularni uchinchi shaxslarga berish va har qanday shaklda tarqatish qat'iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, 2026-yil oxirigacha O‘zbekistonning har bir hududida bolalar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro standartlarga asoslangan maxsus dasturlar asosida kamida 10 nafar advokat o‘qitilishi rejalashtirilgan. 2027-yil 1-yanvardan boshlab esa bu kabi advokatlar jinoyat ishlari bo‘yicha jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida ishtirok etayotgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni boshlaydilar.
Source: podrobno.uz