O‘zgidromet xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy dam olish kunlarida O‘zbekiston hududi bo‘ylab asosan quruq va iliq ob-havo saqlanib qoladi. Respublikaning aksariyat hududlarida kuz fasliga xos bo‘lgan mayin quyoshli kunlar davom etishi prognoz qilinmoqda.
Kutilayotgan umumiy ob-havo sharoitlariga binoan, kechalari havo harorati +10…+15 daraja iliq, kunduz kunlari esa +22…+27 daraja atrofida bo‘ladi. Shimoliy viloyatlarda esa 17–18-oktabr kunlari harorat biroz pasayishi kutilmoqda: tunda +5…+10 daraja, kunduzi esa +18…+23 daraja iliq bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi.
Shu bilan birga, 17–18-oktabr kunlari mamlakatimizning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, baland tog‘ cho‘qqilarida esa yog‘ingarchilik qorga aylanishi ehtimoli mavjud. Poytaxt Toshkent shahrida esa dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi; tunda havo harorati +12…+14, kunduzi esa 16-oktabrda +24…+26, 17–18-oktabrda esa +22…+24 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz