O‘zbekiston Respublikasida xalqaro moliyaviy xizmatlar bozori uchun muhim qadam tashlanib, 27-oktabr sanasidan e’tiboran Apple Pay hamda Google Pay tizimlarining faoliyat boshlaganiga oid dastlabki amaliy belgilar kuzatila boshlandi. iPhone foydalanuvchilari o‘zlarining Apple Wallet ilovalariga mahalliy banklar va fintex-servislarning kartalarini ulash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dastlabki bosqichda mazkur ro‘yxatga sakkizta moliyaviy muassasa kiritilgan bo‘lib, mutaxassislar xizmat ko‘lamining yanada kengayishini taxmin qilishmoqda.
Google kompaniyasi o‘z navbatida Google Pay xizmatining O‘zbekistonda rasman ishga tushirilganini birinchilardan bo‘lib tasdiqlagan edi. Xususan, 19-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan C5+1 raqamli texnologiyalar tadbirida kompaniya vakili Marchin Krasuski mazkur xizmat faoliyat boshlaganini e’lon qilgan edi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ham o‘z navbatida mamlakatda Google Pay allaqachon muvaffaqiyatli ishlayotgani, Apple Pay esa yaqin kunlarda to‘liq quvvatda ishga tushishini ma’lum qilgan edi.
Ushbu xalqaro to‘lov tizimlarining mamlakat bozoriga kirib kelishi uzoq vaqt davomida qonunchilikdagi cheklovlar sababli kechikib kelayotgan edi. Biroq joriy yilning 26-mart kuni mamlakat rahbariyati tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni chet elda saqlash va qayta ishlash qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgach, texnik jarayonlar sezilarli darajada faollashdi. Shunga qaramay, biometrik va mahalliy aloqa operatorlari bazasidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida saqlash talabi o‘z kuchida qolmoqda.
Ayni paytda Markaziy bank, tijrat banklari hamda mahalliy HUMO va Uzcard to‘lov tizimlari xizmatlarni texnik integratsiya qilish va kartalarni tokenizatsiya qilish ustida jadal ish olib bormoqda. Ayrim foydalanuvchilar allaqachon o‘zlarining Visa va boshqa turdagi bank kartalarini mazkur raqamli hamyonlarga muvaffaqiyatli ulab, kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishni boshladilar.
Source: www.gazeta.uz