Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fargʻona shahrida joylashgan uchta maktabgacha taʼlim tashkilotining 51 nafar tarbiyalanuvchisi ommaviy ravishda tana harorati koʻtarilishi, qorin sohasida ogʻriq, holsizlik va koʻngil aynishi kabi shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar davomida jabrlangan bolalarning barchasi oʻsha kuni “Chorvador” fermer xoʻjaligi tomonidan yetkazib berilgan sut mahsulotlarini isteʼmol qilgani maʼlum boʻldi.

Aniqlanishicha, 47-, 2- va 7-sonli bogʻchalarda ovqatlar bevosita muassasaning oʻzida tayyorlanishiga qaramay, xavfli deb gumon qilinayotgan sut mahsulotlari barcha muassasalarga bir vaqtning oʻzida bitta taʼminotchi tomonidan keltirib berilgan. Ota-onalarning soʻzlariga koʻra, bolalarning ahvoli toʻsatdan yomonlashib, yuqori harorat va diareya alomatlari kuzatilgan, bu esa oilalarning haqliroq xavotiriga sabab boʻlgan.

Fargʻona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Abduvali Isaqovning maʼlum qilishicha, bemorlarga oʻtkir diareya tashxisi qoʻyilgan boʻlib, hozirgi kunda ularning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Shifokorning soʻzlariga koʻra, 51 nafar murojaat qilgan bolaning 31 nafari uylariga ruxsat berilgan, qolgan 20 nafari esa davolanishni davom ettirmoqda, reanimatsiya boʻlimiga yotqizilganlar yoʻq.

Source: kun.uz