Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniyaning yirik Deutsche Bahn transport kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi ta’lim loyihasini boshladi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik yoshlar temiryo‘l montajchisi mutaxassisligi bo‘yicha uch yillik dual kasbiy ta’lim dasturiga (Ausbildung) taklif etilmoqda. Mazkur tashabbus ikki davlat o'rtasidagi bandlik va kadrlar almashinuvi sohasidagi kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.

Dastur nazariy bilim va amaliy tayyorgarlikni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etiladi. Deutsche Bahn vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchilar o‘qish davomida bevosita qurilish maydonlarida faoliyat yuritib, yangi relslar hamda strelkali o‘tkazgichlarni yotqizish, temiryo‘l qismlarini tekshirish va shikastlangan joylarini almashtirish kabi murakkab vazifalarni bajarishadi. Mashg‘ulotlar va amaliyot asosan Germaniyaning Bavariya federal yeridagi Augsburg yoki Myunxen shaharlarida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, dastur qatnashchilariga o‘qish jarayonida oylik maosh beriladi va ular har yili 30 kunlik haq to‘lanadigan ta’til huquqidan foydalanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida Germaniya kompaniyasi mablag‘lari hisobidan maxsus nemis tili kurslari tashkil etilib, nomzodlarga tilni B2 darajasigacha o‘rganish imkoniyati yaratiladi. O‘qishning rasmiy boshlanishi 2027-yil 1-sentabrga mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlar o‘sha yilning yozida Germaniyaga jo‘nab ketishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihada qatnashish istagini bildirgan nomzodlar 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lishi shart. Shuningdek, ulardan ma’lum talablarga javob berish va texnik yo‘nalishdagi boshlang‘ich ko‘nikmalarga ega bo‘lish talab etiladi. Ariza topshirish uchun maktab attestati, mavjudligiga qarab o‘rta maxsus yoki oliy ta’lim diplomlari talab qilinib, qo‘shimcha ravishda B toifali haydovchilik guvohnomasi ham ustunlik berishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz