Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

25-oktabr kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida fojiali hodisa yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum etiologiyali gazdan zaharlanish oqibatida olti kishi vafot etgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining dastlabki axborotiga tayanib xabar berildi. Fojia poytaxtdagi Alisherobod mahallasi Anaybuloq ko‘chasida joylashgan qurilayotgan ikki qavatli xonadonlarning birida qayd etilgan.

Hodisa joyiga soat 09:53 larda “112” xizmati orqali xabar kelib tushgan bo‘lib, xonadondan to‘qqiz kishi xushsiz holatda topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur obyekt tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lgan. Oqibatda jabrlanganlarning olti nafari voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Yana ikki nafar jabrlanuvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, to‘qqizinchi shaxsning ahvoli esa dastlab qoniqarli deb baholangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan va jabrlangan sakkiz kishining barchasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo hamda Ellikqal’a tumanlaridan bo‘lgan. Halok bo‘lganlar 1982-2008-yillar oralig‘ida tug‘ilgan erkaklar ekanligi ma’lum qilindi. Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari zudlik bilan yetib borgan.

Hozirgi vaqtda sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bosh prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligidan fojianing aniq sabablari yuzasidan rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmagan. Shu bilan birga, mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, hududda FVV xodimlari tomonidan is gazining oldini olish maqsadida profilaktik ko‘riklar boshlab yuborilgan.

Source: www.gazeta.uz