Eron tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Ismoil Bagai jurnalistning savoliga javob berar ekan, yaqinda Eron diplomatik vakolatxonalari tomonidan Samarqand shahri bo'yicha e'lon qilingan va O'zbekistonning haqli noroziligiga sabab bo'lgan bahsli nashrlar yuzasidan izoh berdi. Uning so'zlariga ko'ra, Toshkent va Tehron o'rtasidagi ko'p asrlik aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega bo'lib, ular bugungi kundagi siyosiy vaziyatlarga bog'liq emas.
Shuningdek, Eron rasmiy vakili ayrim elchixona xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda qilingan bayonotlar go'yoki AQSh tomoniga qaratilganini iddao qildi. Uning ta'kidlashicha, Tehron O'zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarga alohida ahamiyat qaratadi va ikki xalq o'rtasidagi do'stona rishtalarni mustahkamlashda umumiy madaniy meros muhim poydevor bo'lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Eronning Armonistondagi elchixonasi AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi chog'ida qoldirgan postiga javoban qadimiy shaharni «fors sivilizatsiyasi va me'morchiligi» tarkibiy qismi deb e'lon qilgan edi. Ushbu asossiz bayonot O'zbekiston tomonidan keskin e'tiroz bilan qarshi olindi.
Mazkur holat yuzasidan Eronning O'zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi va unga qat'iy norota nota topshirildi. O'zbekiston tomoni Eron diplomatik vakolatxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalaridan tegishli xabarlarni zudlik bilan o'chirib tashlashni hamda kelgusida bunday yo'l qo'yilmasligi uchun zarur choralar ko'rilishini talab qildi.
Source: uznews.uz