O'zbekistonda «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dori vositalari isteʼmoli oqibatida jiddiy jabr ko'rgan oilalarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni to'liq qoplab berish jarayonini tezlashtirish yuzasidan qat'iy ko'rsatmalar berildi. Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo'yicha sudining ijro hujjatlariga asosan, Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so'm miqdorida kompensatsiya undirilishi belgilangan edi.
Biroq, aybdor shaxslarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni belgilangan muddatlardan cho'zilib ketgani sababli, amalda ushbu mablag'ning atigi 20 foizi, yaʼni 16,8 milliard so'mi to'langan xolos. Oqibatda, kompensatsiyaning qolgan qismi bir necha oydan buyon o'z egalariga yetib bormasdan, jabrlangan oilalarning haqli noroziligiga sabab bo'layotgan edi. Ushbu holatni inobatga olib, davlat rahbari tomonidan zararni qoplash ishlarini zudlik bilan yakunlash vazifasi qo'yildi.
Belgilangan topshiriqlarga asosan, davlat byudjetidan zudlik bilan 65,2 milliard so'm mablag' yo'naltirildi. Hozirgi kunga kelib, 88 nafar jabrlanuvchiga jami 80 milliard so'm, jumladan, fojiali ravishda vafot etgan 72 nafar bolaning oilalariga 72,2 milliard so'm, shuningdek, davolangan va davolanayotgan 16 nafar bolaning oilalariga 7,8 milliard so'm to'lab berildi. Qolgan 2 nafar bola oila aʼzolariga tegishli 2 milliard so'm esa bank kartalari bilan bog'liq texnik masalalar to'liq bartaraf etilishi bilanoq o'tkazib berilishi maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, byudjetdan ajratilgan ushbu 65,2 milliard so'm mablag' keyinchalik aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan mablag'lar hisobidan respublika byudjetiga to'liq qaytariladi. Shu bilan birga, Sog'liqni saqlash vazirligi va boshqa masʼul idoralar respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan hamkorlikda jabrlangan oilalarning holidan doimiy ravishda xabar olib, ularga qo'shimcha zarur tibbiy va psixologik yordam ko'rsatish choralarini ko'rmoqda.
Source: kun.uz