Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarini «zakladka» usuli bilan tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan yirik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ma'lumotlariga ko'ra, qo'lga olinganlar orasida yoshlar, jumladan, turli oliy o'quv yurtlari talabalari, shuningdek, ilgari sudlangan shaxslar ham borligi aniqlangan. Tezkor tadbirlar davomida ulardan ikki kilogrammdan ortiq mefedron hamda marihuana musodara qilindi.

Maxsus operatsiya Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirildi. Dastlabki gumonlanuvchilar poytaxtning Uchtepa va Bektemir tumanlarida, shuningdek, Toshkent viloyati hududida qo'lga olindi. Ma'lum bo'lishicha, bu shaxslar Tracker rusumli avtomashinada harakatlanib, belgilangan joylarga taqiqlangan moddalarni yashirin ravishda qoldirib ketishgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan gumonlanuvchilarning yashash manzillari, vaqtincha ijara asosida turgan xonalari va ularga tutash hududlar ko'zdan kechirilganda, qariyb 500 gramm marihuana, ikki kilogrammdan ziyod mefedron, ming dona zip-paketlar, elektron tarozi va giyohvandlik vositalarini qadoqlashga mo'ljallangan boshqa ashyoviy dalillar topilib, rasmiylashtirib olindi.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida mazkur tarmoqning boshqa a'zolarining ham shaxsiga aniqlik kiritildi. Xususan, Yuqori Chirchiq tumanida jinoiy guruh a'zolari olib ketishni rejalashtirgan yirik miqdordagi sintetik giyohvandlik vositalari yashiringan maxfiy omborxona topildi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, guruh bir necha oy davomida internetdagi yashirin narkodukonlar uchun xizmat qilib kelgan bo'lib, uning a'zolari dastlab kuryer vazifasini bajarib, keyinchalik omborchi darajasiga ko'tarilgan.

O'tkazilgan keng ko'lamli tadbirlar natijasida jami 52,8 ming martalik dozaga teng keluvchi giyohvandlik vositalari muomaladan olib qo'yildi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Toshkent mintaqasida bunday turdagi jinoyatlar oxirgi vaqtlarda tez-tez uchrayotgani jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg'otmoqda.

Source: podrobno.uz