O‘zbekiston sport jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi: 1974-yilgi jahon chempioni, Monreal Olimpiadasi kumush medali sovrindori va “Toshkent yo‘lbarsi” laqabi bilan tanilgan afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi. Marhumning yaqinlari va safdoshlari uning murakkab hayot yo‘li, sportdagi ulkan yutuqlari hamda oxirgi yillardagi og‘ir sinovlari haqida xotiralarini bo‘lishishdi.
Sportchining o‘g‘li Qudratxo‘ja Risqiyevning hikoya qilishicha, otasi o‘z faoliyati davomida 189 ta jang o‘tkazib, ularning 174 tasida g‘alaba qozongan. Biroq, sobiq Sovet Ittifoqi davrida milliy mansubligi tufayli turli adolatsizliklarga duch kelgani uning eng katta armoni bo‘lib qolgan. Xususan, Olimpiada chempionligiga intilishlarida sun’iy to‘siqlar yaratilgani, murabbiylar tomonidan nohaqliklarga uchragani haqida yaqinlariga bot-bot aytib bergan.
Hayotining keyingi yillarida, ayniqsa mustaqillikdan keyingi davrda va oyoqlaridan ayrilgach, afsonaviy sportchi jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgani ta’kidlanadi. 2016-yildan boshlab qon tomirlaridagi muammolar tufajli har ikki oyog‘i kesilishiga to‘g‘ri kelgan. Garchi davlat tomonidan ba’zi e’tibor etishmagan davrlar bo‘lgan bo‘lsa-da, xalq va yaqin do‘stlari, jumladan Xalqaro boks assotsiatsiyasi rahbariyati uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani qayd etildi.
Source: www.gazeta.uz