Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi neft bazalaridagi avtomobil benzini zaxirasini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 baravar ko‘paytirgani ma’lum qilindi. Kompaniya vakillarining 27-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlashicha, tarmoqqa qarashli yonilg‘i quyish shoxobchalari kelgusi qish mavsumi uchun zarur yoqilg‘i bilan ta’minlangan.

Kompaniya raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, yil boshida 31 ta bo‘lgan AYOQSHlar soni hozirda 152 taga yetkazilgan, mahsulot realizatsiyasi hajmi esa 5-6 barobarga oshgan. Shoxobchalarda AI-92, AI-95 benzinlari hamda Yevro-4 va Yevro-6 standartlariga mos dizel yoqilg‘isi sotilmoqda. Shuningdek, rahbar so‘nggi 9-10 oy ichida benzin narxi 12 ming so‘mdan sezilarli darajada oshmaganini qayd etdi.

Shu bilan birga, kompaniya matbuot kotibi Mo‘min Ibodov mazkur choralar faqat “O‘zbekneftgaz” tarmoqlariga tegishli ekanini, bu respublikadagi butun yoqilg‘i bozorini qamrab olmasligini alohida ta’kidladi. Shu boisdan, kompaniya qishda barcha shoxobchalarda navbatlar yoki uzilishlar bo‘lmasligiga to‘liq kafolat bermaydi.

Qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududlardagi obyektlar modernizatsiya qilinib, 90 ga yaqin yangi yonilg‘i tarqatish kolonkasi o‘rnatildi hamda Toshkent shahri va viloyatidagi 10 ta shoxobchada masofadan nazorat tizimlari joriy etildi. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida esa 773,5 ming tonna benzin ishlab chiqarilib, reja 100,2 foizga bajarilgan.

Source: www.gazeta.uz