Toshkent shahrining raqamli qiyofasini tubdan yangilash hamda uning turistik jozibadorligini yanada oshirish maqsadida Google Maps platformasidagi panoramali tasvirlar to‘liq yangilanmoqda, deya xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, ushbu keng ko‘lamli loyiha doirasida poytaxtimizning asosiy ko‘chalari, diqqatga sazovor maskanlari hamda madaniy obyektlarining 360 gradusli yuqori aniqlikdagi foto va videolari olinib, xaritaga bosqichma-bosqich yuklana boshlandi.
Rasmiy idoraning ta’kidlashicha, platformadagi mavjud eski tasvirlarning aksariyati bundan besh yil muqaddam muhrlangan bo‘lib, ular shaharning bugungi jadal rivojlanayotgan zamonaviy qiyofasini yetarli darajada aks ettirmayapti. Xususan, avvalgi panoramalarda ko‘plab yirik majmualar, jumladan, Tashkent City hali qurilish jarayonida bo‘lgani, shuningdek, yangi yashil hududlar va zamonaviy infratuzilma obyektlari ko‘rsatilmagani sababli ularni yangilash zarurati tug‘ilgan.
Joriy tasvirga olish ishlari dastlab shaharning markaziy ko‘chalari, yirik istirohat bog‘lari va sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan nuqtalardan boshlangan bo‘lib, kelgusida bu jarayon Toshkentning barcha tumanlari va chekka ko‘chalarini to‘liq qamrab olishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning fikricha, aynan Google Maps platformasining tanlangani bejoz emas, negaki mazkur xizmatdan oyiga 2 milliarddan ortiq inson foydalanadi va bu O‘zbekiston poytaxtining sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda tanitish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Source: www.gazeta.uz