“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Xitoy Xalq Respublikasining yirik energetika korxonalari bilan mamlakat ichki bozorini AI-92 hamda undan yuqori markali benzin, dizel yoqilg‘isi bilan barqaror ta’minlash, shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi uchun xomashyo yetkazib berish hajmini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli muzokaralar o‘tkazmoqda. Mazkur tashabbus mavjud yetkazib berish kanallari va bitta manbaga qaramlikni keskin kamaytirish, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan.
Kompaniya boshqaruvi raisining o‘rinbosari Farid Mo‘minovning 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, tomonlar Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasining (CNPC) sho‘ba tuzilmasi bo‘lgan PetroChina kompaniyasi bilan hamkorlik masalalarini faol muhokama qilmoqda. Muzokaralar doirasida nafaqat tayyor neft mahsulotlarini, jumladan, yuqori oktanli benzin va dizel yoqilg‘isini xarid qilish, balki xom neft hamda gaz kondensatini Buxoro NQIZda qayta ishlash maqsadida import hajmini oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu diversifikatsiya choralari O‘zbekistonda joriy yilda kuzatilgan yoqilg‘i ta’minotidagi uzilishlar va narxlarning keskin qimmatlashuvi fonida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Avvalroq Energetika vazirligi import hajmining pasayishini asosiy yetkazib beruvchi mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlarining to‘xtab qolishi bilan izohlagan edi. Jumladan, bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning aprel oyidan boshlab benzin importi keskin qisqarib, avgust oyiga kelib oylik ko‘rsatkichlar bir necha barobar kamaygan va yoqilg‘i narxi sezilarli darajada oshgan.
Oktyabr oyining o‘rtalarida “O‘zbekneftgaz” rahbari Abdug‘ani Sanginov CNPC prezidenti Chjou Sinxuay boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashuv o‘tkazgan edi. Mazkur uchrashuvda uzoq muddatli yetkazib berish shartnomalarini tuzish, geologik qidiruv va burg‘ilash ishlarini jadallashtirish hamda hamkorlik hajmini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Ayni paytda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi neft-gaz sohasidagi umumiy hamkorlik qiymati 1 milliard dollardan oshib ketgan bo‘lib, tomonlar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish niyatida.
Source: www.gazeta.uz