Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalariga nisbatan qat'iy choralar koʻrdi. Bunga ushbu shoxobchalarning sun'iy ravishda narxlarni kelishib koʻtargani asos boʻldi.
Qoʻmitaga kelib tushgan fuqaroning murojaatidan soʻng, Nukus shahrida faoliyat yurituvchi 22 ta AGNKSda narxlarning shakllanishi oʻrganib chiqildi. Oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, mazkur shoxobchalar bir vaqtning oʻzida siqilgan gazning 1 kub metri narxini avvalgi qiymatiga nisbatan oʻrtacha 1050 soʻmgacha oshirgani ma'lum boʻldi.
Qoʻmitaning hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan mazkur subyektlarga nisbatan «Raqobat toʻgʻrisida»gi qonunning 19-moddasi talablarini buzish, jumladan, raqobatga qarshi kelishilgan va muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etish alomatlari boʻyicha ishlar qoʻzgʻatildi.
Ishlarni koʻrib chiqish yakunlariga koʻra, huquqbuzarlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanilishi haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, ularga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berildi.
Ta'kidlash joizki, Maxsus komissiya qaroridan norozi boʻlgan toʻqqizta AGNKS sudga murojaat qilgan, biroq sud qoʻmita qarorlarining qonuniyligini toʻliq tasdiqladi.
Source: uznews.uz