Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mehnat migratsiyasi sohasidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan yig'ilishda Shavkat Mirziyoyev chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish davlatning doimiy e'tiborida ekanligini alohida ta'kidlab o'tdi. Prezidentning so'zlariga ko'ra, xorijda mehnat qilayotgan har bir vatandoshimiz o'z oilasi va farzandlarining kelajagi uchun tinimsiz mehnat qilayotgan mard insonlardir.

Muhokama chog'ida xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan o'zbekistonliklar endilikda «Onlayn mahalla» platformasi orqali murojaat qoldirib, yordam so'rashi mumkinligi ma'lum qilindi. Mutasaddi idoralarga kelib tushgan murojaatlarni tezkor ravishda ko'rib chiqish va amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha aniq ko'rsatmalar berildi.

Qayd etilishicha, zarur holatlarda O'zbekiston elchilari shaxsan o'zi fuqaroning oldiga borib, uning huquqlarini himoya qiladi va yuzaga kelgan muammoni hal etishga ko'maklashadi. «Hech bir vatandoshimiz yolg'iz qolmasligi shart», — dedi davlat rahbari o'z nutqida.

Shuningdek, yig'ilishda hokimlar zimmasiga chet elda ishlayotgan fuqarolarning oilalari, ota-onalari va farzandlari uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish vazifasi yuklatildi. Xususan, ularning oila a'zolari ijtimoiy qo'llab-quvvatlanishi hamda bolalarning sifatli ta'lim olishi ta'minlanishi lozim.

Source: uznews.uz