Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan chet el fuqarolarining bandligini qат’iy tartibga solish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Ma’lum qilinishicha, iqtisodiy o‘sish va turmush darajasining yaxshilanishi fonida respublikada uzoq muddat istiqomat qilayotgan xorijliklar soni 250 ming nafarga yaqinlashib qolgan.

Yig‘ilish davomida ta’kidlanishicha, ushbu xorijiy fuqarolarning faqatgina 36 ming nafari rasmiy ishlash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lsa, yana 24 ming nafari talabalardan iborat. Prezident qolgan chet el fuqarolari nima bilan shug‘ullanayotgani va qanday daromad manbalariga egaligi yuzasidan davlat organlarida aniq ma’lumotlar bo‘lishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek, norasmiy bandlik va daromadlarni yashirish holatlari davlat budjetiga jiddiy zarar yetkazayotgani tanqid qilindi.

Xususan, ko‘plab xorijiy ishchilar o‘z maoshlarini rasman atigi 2 million so‘m etib ko‘rsatayotgani, soliq idoralari esa bu holatga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar ushbu shaxslarning faoliyati to‘liq soyadan chiqarilsa, mamlakat budjeti qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion so‘m miqdorida mablag‘ olishi mumkin edi. Rasmiy ruxsatnomaga ega xorijliklarning 80 foizi asosan qurilish, to‘qimachilik va xizmat ko‘rsatish kabi past malaka talab etiladigan tarmoqlarda band.

Prezident o‘z mehnat bozorini himoya qilish har bir suveren davlat uchun muhim amaliyot ekanini ta’kidlab, yangi ish o‘rinlarini yaratishda birinchi navbatda mahalliy aholi bandligini ta’minlash zarurligini uqtirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston chet el fuqarolari uchun ochiqlik siyosatidan voz kechmasligi, biroq barcha jarayonlar qat’iy tartib va intizomga asoslanishi kerakligi bildirildi.

Mazkur yig‘ilish yakunida mas’ul idoralarga bir oy muddatda uzoq muddatga kelgan chet el fuqarolarining yashash va ishlash joylarini real vaqt rejimida monitoring qiluvchi maxsus platformani ishga tushirish vazifasi yuklatildi. Ushbu tizim xorijliklarning bandligi hamda ularning daromadlarini to‘liq nazorat qilish imkonini berishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz