O‘zbekistondagi ta'lim muassasalari ma'lum shartlar bajarilgan taqdirda davlat akkreditatsiyasi uchun to‘lovni to‘rt baravar kam miqdorda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Adliya vazirligi tomonidan ta'lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda yig‘imlar miqdori hamda ularni hisoblash tartibiga kiritilgan o‘zgarishlar rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda ta'lim tashkilotining murojaatiga asosan bazaviy yig‘im miqdori belgilangan stavkaning atigi 25 foizigacha qisqartirilishi mumkin.
Ushbu imtiyozli shart jami beshta maxsus shartdan kamida bittasi bajarilgan taqdirda amal qiladi. Jumladan, davlat topshiriqlarini bajarish doirasida, ya'ni ta'lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi rahbari yoki Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida ko‘rsatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun talab etilsa, mazkur chegirma qo'llaniladi. Shuningdek, muassasada xalqaro akkreditatsiya mavjud bo‘lsa, ya'ni faoliyat yuritayotgan ta'lim dasturlarining kamida 50 foizi mamlakatimizda tan olinadigan akkreditatsiya tashkilotlari reestriga kiritilgan tuzilmalar tomonidan tekshirilgan bo‘lsa, yig‘im miqdori kamaytiriladi.
Shartlar ro‘yxatiga, shuningdek, maxsus davlat akkreditatsiyasini masofaviy formatda o‘tkazish imkoniyati ham kiritilgan. Agar ta'lim muassasasi bir yo‘la o‘nta va undan ortiq ta'lim dasturlari bo‘yicha maxsus davlat akkreditatsiyasiga ariza bersa yoki turdosh dasturlarni baholash jarayonida umumiy moddiy-texnika bazasi, kadrlar resurslari hamda boshqa infratuzilmani qayta tekshirish talab etilmasa hamda bu ish hajmini qisqartirish imkonini bersa, chegirmadan foydalanish mumkin bo'ladi.
Mutaxassislar eslatib o‘tganidek, mamlakatda yagona Ta'lim va fan vazirligi tashkil etilib, yangi idora bolalar bog‘chalaridan tortib oliy o‘quv yurtlarigacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarni boshqarish, ta'lim standartlarini belgilash, shuningdek, akkreditatsiya va litsenziyalash jarayonlarini o‘z qo‘liga olgandi. Ushbu byurokratik jarayonlarning optimallashtirilishi ta'lim muassasalarining moliyaviy yukini yengillashtirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.
Source: podrobno.uz