Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Haftaning birinchi yarmidagi sezilarli salqinlikdan so‘ng respublika hududida yana iliq ob-havo o‘rnatilishi kutilmoqda. Sinoptiklarning ma’lumotlariga ko‘ra, bunday meteorologik sharoit mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun qator qulayliklarni keltirib chiqaradi, biroq yirik shaharlarda aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ekologik omillarga ham e’tibor qaratish lozim.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning ta’kidlashicha, kutilayotgan iliq va nisbatan quruq kunlar qishloq xo‘jaligida hosilni yig‘ishtirib olish, kuzgi dala ishlarini o‘tkazish hamda bug‘doy maydonlarini parvarishlash uchun qulay imkoniyat yaratadi. Shuningdek, 4–5-noyabr kunlari ayrim hududlarda kutilayotgan qisqa muddatli yomg‘irlar tuproq namligini biroz to‘ldirishga xizmat qiladi. Baland tog‘li tumanlarda yog‘ishi kutilayotgan qor esa kelgusi qish mavsumi uchun suv zaxiralarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, mutaxassislar sog‘liqni saqlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlashmoqda. Kunduzgi iliq harorat va nisbatan salqin tonglar orasidagi keskin farq aholidan, ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolardan ob-havoga mos ravishda kiyinishni talab qiladi. Yirik shaharlarda esa shamol tezligining pasayishi va tungi inversiya hodisasi tufayli PM2.5 kabi mayda zarrachalarning to‘planish ehtimoli oshadi.

Natijada, shahar aholisi havo sifatini doimiy ravishda kuzatib borishi va ochiq havoda jismoniy faollikni cheklashi maqsadga muvofiq sanaladi. Umuman olganda, noyabr oyining iliq kelishi dehqonlar uchun dala ishlarini muvaffaqiyatli davom ettirishga zamin yaratgan bo‘lsa, shahar aholisidan ekologik vaziyatga nisbatan hushyor bo‘lishni talab etadi.

Source: kun.uz