Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 6-30 oktyabr kunlari O'zbekiston Davlat san'at muzeyida Rimovlar saroyi tarixiy-badiiy kolleksiyasini saqlash va tiklashga qaratilgan fransuz mutaxassislarining ilk restavratsiya missiyasi muvaffaqiyatli bo'lib o'tdi. Mazkur tashabbus ikki davlat o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda noyob madaniy meros ob'ektlarini asrab-avaylash yo'lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Tashrif doirasida Fransiyadan tashrif buyurgan 9 nafar yetakchi ekspert ikkita asosiy yo'nalish bo'yicha faoliyat olib bordi. Xususan, Delfin Eli-Lefevr boshchiligidagi besh nafar mutaxassislar guruhi tarixiy to'plamga tegishli bo'lgan 7 ta mebel buyumini professional tarzda restavratsiya qildi. Shu bilan birga, Patrisiya Verje-Libay rahbarligidagi to'rt nafar ekspertlar jamoasi ushbu kolleksiyadagi 4 ta rangtasvir asari va ularning qadimiy ramalarini qayta tikladi.

Ushbu restavratsiya missiyasining asosiy maqsadi Romanovlar saroyining tarixiy-badiiy qadriyatlarini saqlab qolish, ularning asl qiyofasini ta'minlash va xalqaro muzeylararo hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir. Eslatib o'tamiz, Romanovlar saroyi 2021 yildan beri uzoq muddatli restavratsiya ishlari munosabati bilan yopiq qolmoqda.

Avvalroq, joriy yilning may oyida ushbu me'moriy yodgorlik atrofida jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan mojaro yuzaga kelgan edi. Xususan, yopiq modalar namoyishi o'tkazilgandan so'ng, shahar aholisi va faollar obyektning yopiqligiga qaramay, uni tijoriy maqsadlarda ishlatilganini keskin tanqid qilishgan edi. Keyinchalik Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi namoyish faqat saroyning tashqi hududida o'tgani va ichki xonalarga zarar yetkazmaganini tushuntirishga urindi, shuningdek, ta'mirlash yakunlangach, saroy zamonaviy muzey sifatida ochilishini va'da qildi.

Source: podrobno.uz