Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida 3-5-noyabr kunlari "Markaziy Osiyo – Xitoy" (C5+1) formatidagi fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo'yicha Ishchi guruhining 3-konferensiyasi bo'lib o'tishi kutilmoqda. Mazkur tadbirda O'zbekiston, Xitoy, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya ma'muriyatlari hamda yetakchi aviakompaniyalari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, uchrashuvning asosiy maqsadi mintaqaviy davlatlar va Xitoy o'rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, avval erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish hamda yangi istiqbolli yo'nalishlarni belgilab olishdan iborat. Tomonlar 2024-yil 24-yanvarda O'zbekiston Transport vazirligi va Xitoy Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi o'rtasida imzolangan "Havo ipak yo'li"ni birgalikda barpo etish to'g'risidagi bitim doirasidagi vazifalarni bajarish masalasiga alohida e'tibor qaratishlari taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar tarmoqning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha hamkorlikni chuqurlashtirish, qo'shma loyihalarni boshlash, havo transporti bozorini liberallashtirish, huquqiy-me'yoriy bazani uyg'unlashtirish hamda mintaqaviy parvozlar geografiyasini kengaytirish masalalarini muhokama qilishlari kutilmoqda. Anjuman doirasida ishtirokchi mamlakatlar o'rtasida havo qatnovini rivojlantirish, yangi yo'nalishlarni ochish va mavjud reyslar sonini ko'paytirish yuzasidan ikki tomonlama maslahatlashuvlar o'tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Eslatib o'tamiz, oltita davlat hududida navbatma-navbat bunday uchrashuvlarni doimiy asosda o'tkazish tashabbusi Xitoy tomonidan ilgari surilgan edi. C5+1 formatidagi ilk konferensiya 2024-yilda Xitoyda, ikkinchisi esa 2025-yilda Qozog'istonda bo'lib o'tgan bo'lib, joriy yilda esa ushbu tadbarga O'zbekiston mezbonlik qilmoqda.
Source: podrobno.uz