Toshkent viloyatining Angren shahrida yirik miqdordagi qalbaki pul vositalarini tayyorlash va ularni muomalaga kiritish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining tezkor harakatlari natijasida noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, maxsus tadbir Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida 1993-yilda tug‘ilgan Angren shahri sakini va uning 1997-yilda tug‘ilgan tanishi shahardagi ko‘p qavatli uylardan birini ijaraga olib, yashirin ravishda qalbaki kupyuralar tayyorlab kelgani aniqlangan.
Mazkur xonadon ko‘zdan kechirilganda, umumiy qiymati 79,8 million so‘mni tashkil etuvchi 100 ming va 200 ming so‘mlik yarim tayyor qalbaki pul birliklari topilgan. Shuningdek, jinoyatni sodir etishda foydalanilgan Epson rusumli rangli printer, tegishli bo‘yoqlar va turli xil kanselyariya jihozlari ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.
Aniqlanishicha, ushlangan har ikki shaxs ilgari ham sudlangan bo‘lib, o‘z qilmishidan saboq chiqarmasdan yana og‘ir jinoyat yo‘liga o‘tgan. Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha sheriklar va ehtimoliy aloqalarni aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Source: kun.uz