“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati vakillari o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) xususiy kompaniyasining neft-gaz konlaridan foydalanish bo‘yicha litsenziyalari bekor qilinganidan keyin uning aktivlari yoki ulushlari davlat kompaniyasiga o‘tmaganini ma’lum qilishdi. Bu haqda matbuot anjumanida jurnalistning konlarning keyingi taqdiri haqidagi savoliga javoban aytib o‘tildi.
Oktyabr oyi boshida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov litsenziyalar ruxsatnoma shartlari bajarilmagani va yer qa’ri uchastkalarida xo‘jalik faoliyati olib borilmagani sababli bekor qilinganini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng mazkur konlarning operativ va moliyaviy boshqaruvi kimning qo‘lida qolayotgani jamoatchilikda savollar tug‘dirgandi.
“O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, Saneg mustaqil tashkilot bo‘lib, davlat kompaniyasiga bo‘ysunmaydi va bu boradagi ma’lumotlar ular tomonidan emas, balki davlat aktivlari idorasi tomonidan e’lon qilingan. U kompaniya litsenziyalar bekor qilingach hech qanday fond yoki ulushga ega chiqmaganini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda yopiq hukumat qarori bilan 100 dan ortiq konlar “O‘zbekneftgaz” tasarrufidan Saneg boshqaruviga o‘tkazilgan edi. Biroq yillar davomida kutilgan neft qazib olish hajmlari pasayib ketgani, shuningdek, mazkur jarayonlar sobiq rahbarlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bilan bog‘liqligi borasida jiddiy savollar yuzaga kelgan edi.
Source: www.gazeta.uz