Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Vetnamning ROX Group kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik shaharsozlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbariyati matbuot xizmatining xabar berishicha, taqdimot doirasida mamlakatning bir nechta hududlarini qamrab oluvchi tashabbuslar muhokama qilingan.
Kompaniya vakillari tomonidan Buxoroda ikkita, shuningdek, Toshkent shahrining Uchtepa tumani va Samarqand shahrida bittadan — jami to‘rtta yirik shaharsozlik loyihasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Ma’lum qilinishicha, mazkur loyihalarning umumiy maydoni 285 gektarni tashkil etib, ularga yo‘naltirilishi kutilayotgan investitsiyalar hajmi 4,5 milliard dollarga teng. Ushbu infratuzilma obyektlari kelgusida 115 ming nafar aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga mo‘ljallangan.
Xususan, Buxoro tumanida 65 gektar va Buxoro shahrida 25 gektar maydonda yangi zamonaviy turar joy massivlarini barpo etish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur hududlarda 30 ming nafar aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish hamda ko‘ngilochar maskanlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Toshkent shahridagi Uchtepa tumani va Samarqanddagi tashabbuslar ham shaharlarning arxitektura qiyofasini yaxshilash va sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgani aytildi.
Vetnamlik investorlar, shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin tumanida yangi maxsus sanoat zonasini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surishdi. O‘z navbatida, mamlakat rahbari taqdim etilgan konsepsiyalarni ma’qullab, bunday loyihalarda ilg‘or shaharsozlik va innovatsion yechimlarni qo‘llash muhimligini ta’kidlab o‘tdi hamda mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Source: www.gazeta.uz