Buxoro viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollarga teng bo'lgan 90 ta yangi loyihaning qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, qiymati 654 million dollarni tashkil etuvchi yana 55 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Ushbu keng ko'lamli loyihalarni boshlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, hududni rivojlantirish borasidagi rejalarga to'xtalib o'tdi.
Davlat rahbarining matbuot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi to'qqiz yil ichida viloyatga 9,5 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Bu davr mobaynida hududda 6 mingdan ortiq yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilib, 120 mingdan ziyod doimiy ish o'rinlari ochilgani aytilmoqda.
Umuman olganda, viloyatda qiymati 7,8 milliard dollarlik 145 ta loyihadan iborat maxsus dastur shakllantirilgan. Ular neft-kimyo, to'qimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, tog'-kon sanoati, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo'jaligi va turizm kabi ko'plab tarmoqlarni qamrab oladi.
Loyihalarni amalga oshirish jarayonida AQSh, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vyetnam, Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindistondan investorlar, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari hamda mahalliy tadbirkorlar faol qatnashmoqda.
Source: podrobno.uz