Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekistonda aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga qaratilgan mashhur "10 ming qadam" aksiyasi yangi formatda qayta tiklanmoqda. Avvalgi davrda kunlik yurishlar uchun fuqarolarga pul mablag'lari to'lab berilgan bo'lsa, endilikda rag'batlantirish tizimi tubdan o'zgartirildi. Endi pul o'tkazmalari o'rniga yillik reyting va eng yaxshi natija ko'rsatgan fuqarolar uchun qimmatbaho sovg'alar taqdim etilishi ko'zda tutilgan.

Tegishli nizom joriy yilning 28-oktyabr kuni Ekologiya va iqlim o'zgarishini strategik baholash milliy qo'mitasi, Sport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Sog'liqni saqlash vazirligining qo'shma qarori bilan tasdiqlandi. Ushbu tashabbusda ishtirok etish uchun fuqarolar 18 yoshdan katta bo'lishi, id.egov.uz yagona identifikatsiya tizimi orqali "Ekofaol fuqaro" platformasida ro'yxatdan o'tishi va maxsus mobil ilovani o'rnatishi talab etiladi. Ilova telefon datchiklari yordamida qadamlarni hisoblab, ma'lumotlarni veb-portolga uzatib boradi.

G'oliblarni aniqlash bir yillik yakunlarga ko'ra amalga oshiriladi. Mukofotlarga da'vogarlik qilish uchun ishtirokchilar har kuni kamida 10 ming qadam yurishi shart. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hamda respublika bo'ylab eng faol ishtirokchilar maxsus sovg'alar bilan taqdirlanadi. Taqdirlash marosimi har yili dekabr oyining uchinchi o'n kunligida o'tkazilishi rejalashtirilgan bo'lib, sovg'alar Ekologiya qo'mitasi huzuridagi jamg'arma mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tizimni suiiste'mol qilishning oldini olish maqsadida qat'iy cheklovlar joriy etildi. Ishtirokchilarga o'zganing akkauntlaridan foydalanish, yugurish yo'lakchalari, avtomobil, velosiped va samokatlar yordamida natijalarni sun'iy ravishda oshirish qat'iyan taqiqlanadi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda natijalar bekor qilinadi va ishtirokchi diskvalifikatsiya qilinishi mumkin. Eslatib o'tamiz, avvalgi moliyaviy rag'batlantirish dasturi byudjet mablag'lari yetishmagani sababli 2022-yilda to'xtatilgan edi.

Source: podrobno.uz