O'zbekiston Sport vazirligi aholining kunlik jismoniy faolligini oshirish hamda ekologik madaniyatni targ'ib qilishga qaratilgan "10 ming qadam piyoda" aksiyasini o'tkazish tartibi bo'yicha loyihani jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Dasturning asosiy maqsadlari qatoriga sog'lom turmush tarzini ommalashtirish, piyoda yurish madaniyatini rivojlantirish hamda shaharsozlikdagi yashil hududlar va jamoat joylaridan samarali foydalanishni rag'batlantirish kiradi. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar yordamida fuqarolarning salomatligini qo'llab-quvvatlash ham ko'zda tutilgan.
Yangi qoidalarga ko'ra, mazkur tashabbusda 18 yoshga to'lgan O'zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Bir yil davomida mamlakat hududida eng ko'p qadam bosgan va har kuni kamida 10 ming qadamdan kam bo'lmagan natija ko'rsatgan ishtirokchilar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanishi rejalashtirilgan. Platforma maxsus mobil ilova hamda veb-portalni o'z ichiga olib, fuqarolarning natijalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish milliy qo'mitasi tomonidan kuzatib boriladi.
Shu bilan birga, shaffoflikni ta'minlash maqsadida operator ishtirokchilarning ko'rsatkichlarini tekshirish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Xususan, anomal yuqori natijalar aniqlanganda, sun'iy intellekt yoki avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish alomatlari sezilganda, boshqa ishtirokchilar tomonidan shikoyatlar tushganda hamda texnik nosozliklar yuzaga kelganda ma'lumotlar qayta tekshiriladi. Loyihani muhokama qilish joriy yilning 13-noyabriga qadar davom etishi ma'lum qilindi.
Eslatib o'tamiz, mazkur platforma ilk bor 2021-yilning iyun oyida ishga tushirilgan bo'lib, 2022-yilning aprelida fuqarolarni rag'batlantirish amaliyoti to'xtatilgan edi. Tashabbusni qayta tiklash masalasi joriy yilning 23-mart sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo'nalishidagi 2026–2030 yillarga mo'ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti chog'ida e'lon qilingan bo'lib, uni 2026-yil 1-maydan boshlab qayta boshlash rejalashtirilgan edi.
Source: uznews.uz