Sayohat qilish bugungi kunda yanada tezkor va o'zgaruvchan tus olib, haftada bir necha kunni boshqa shaharda o'tkazish yoki ish yuzasidan qisqa safarga otlanish odatiy holga aylanib bormoqda. Bunday sharoitda parvozlarni imkon qadar soddalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi va mahalliy aviatashuvchilardan biri ushbu tamoyilni faol joriy etmoqda.
Obyekt sifatida ko'rilayotgan Centrum Air aviakompaniyasi o'z faoliyatida "Fly Simple" shiori ostida "yumshoq loukoster" modeliga o'tayotganini e'lon qildi. Yangi yondashuvga ko'ra, aviachipta endilikda qat'iy xizmatlar to'plami sifatida emas, balki yo'lovchi o'zi uchun zarur bo'lgan opsiyalarni tanlaydigan moslashuvchan tizim sifatida taqdim etiladi.
Joriy yilning 25-oktabridan boshlab aviakompaniya Base tarif shartlarini yangiladi. Unga ko'ra, endi bazaviy qiymatga 3 kilogrammgacha bo'lgan va o'lchami 30×40×20 sm dan oshmaydigan, oldingi o'rindiq ostiga joylashtiriladigan bitta qo'l yuki kiritiladi. Shu bilan birga, yo'lovchilar yuk normasidan tashqari ustki kiyim, noutbuk, planshet va boshqa zarur shaxsiy buyumlarni bepul olib yurishlari mumkinligi aytilmoqda.
Agar yo'lovchiga qo'shimcha qulayliklar kerak bo'lsa, u holda 10 kg gacha bo'lgan qo'l yukini rasmiylashtirishi yoki to'laqonli yuklarni o'z ichiga olgan Optimal tarifini tanlashi mumkin. Shuningdek, aviakompaniya tez-tez uchuvchilar uchun maxsus yillik obuna formatini ham taqdim etmoqda, biroq bu kabi yangiliklar bozor sharoitida qanchalik o'zini oqlashi va yo'lovchilar uchun qanchalik qulay bo'lishi amalda sinovdan o'tishi kerak bo'ladi.
Source: uznews.uz