Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 15,17 milliard dollarni tashkil etdi. Markaziy bankning ichki valyuta bozori bo‘yicha taqdim etgan so‘nggi sharhiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,9 foizga yoki 1,24 milliard dollarga ko‘paygan. Shu bilan birga, hisobot davrida respublikadan xorijga yuborilgan mablag‘lar hajmi 1,95 milliard dollarni tashkil qilib, ijobiy saldo 13,2 milliard dollar darajasida shakllandi.

Biroq rasmiy statistik ma’lumotlar tahlili pul o‘tkazmalari oqimidagi o‘sish sur’atlari sezilarli darajada pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Agar 2024-yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 34,7 foizni, 2025-yilda esa 23,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda o‘sish atigi 8,9 foizgacha tushib ketdi. Xususan, uchinchi chorak natijalariga ko‘ra, mamlakatga 5,88 milliard dollar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davridagi 5,71 milliard dollarga nisbatan o‘sish bor-yo‘g‘i 2,9 foizni tashkil etdi. Mamlakatdan tashqariga pul yuborish hajmi esa deyarli o‘zgarmagan holda qoldi.

Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari geografiyasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, Rossiyaning umumiy hajmdagi ulushi qisqarib, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Buyuk Britaniya hamda AQShdan kelayotgan mablag‘lar ulushi oshib bormoqda. Eslatib o‘tamiz, mamlakat rahbariyati oldiga kelgusida xorijdan keladigan yillik pul o‘tkazmalari hajmini 50 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, mutaxassislar bu kabi marralarga erishish uchun iqtisodiy sharoitlar va tashqi omillarni diqqat bilan baholash zarurligini ta’kidlashmoqda.

Source: www.gazeta.uz