O‘zbekistonda mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolangan yangi qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy baza sezilarli darajada o‘zgartirildi. Mazkur huquqiy hujjat Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda 2018-yilda qabul qilingan bazaviy qonunlarga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Qonunchilik palatasi tomonidan o‘tgan yilning bahorida qabul qilingan va yozda Senat tomonidan ma’qullangan mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran to‘liq kuchga kirdi.
Yangi tahrirga ko‘ra, “ekstremizm” va “ekstremistik faoliyat” tushunchalari o‘zaro birlashtirilib, ularning qamrovi sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirish, hududiy yaxlitlikni buzish, noqonuniy qurolli tuzilmalar tuzish, shuningdek, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish kabi harakatlar ekstremistik faoliyat sifatida aniq tasniflandi. Shuningdek, bir qator qonun hujjatlaridan “diniy ekstremizm” birikmasidagi “diniy” so‘zi olib tashlanib, tushunchalar umumlashtirildi.
Muhim o‘zgarishlardan biri sifatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 184−5-modda kiritilib, birinchi marta shunday huquqiy qoidabuzarlik sodir etganlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Unga ko‘ra, ekstremistik materiallarni tayyorlash, saqlash yoki ramziy belgilarni namoyish etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilandi. Agar ushbu qilmishlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takrorlansa, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan qat'iy jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Qonun doirasida Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan ekstremistik tashkilotlar va materiallarning ochiq elektron reyestri tashkil etildi. Sud qaroridan keyin 10 kun ichida ushbu ro‘yxatga kiritiladigan manbalar barcha uchun ochiq e’lon qilinadi. Shu bilan birga, ekstremizm bo‘yicha sudlangan shaxslarga ma’rifiy, psixologik yordam ko‘rsatish, jurnalistika va OAV muassisligi bilan shug‘ullanish huquqlariga qat'iy cheklovlar o‘rnatildi, shuningdek, ularni jamiyatga qaytarish bo‘yicha maxsus reabilitatsiya choralari ko‘rildi.
Source: www.gazeta.uz