Samarqand viloyatining Payariq tumanida sodir bo‘lgan o‘ta og‘ir jinoyat jamiyatda katta e’tiroz va xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Ma’lum qilinishicha, bir guruh shaxslar 32 yoshli erkakka hujum qilib, uning boshiga armatura bilan urishgan va uni “Spark” mashinasiga majburan bosib olib ketishgan. Marhumning yaqinlari va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu qilmish oddiy mushtlashuv emas, balki oldindan rejalashtirilgan o‘ta shafqatsiz zo‘ravonlik ko‘rinishidir.
Voqea tafsilotlariga ko‘ra, marhum Sherbek tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga qaytayotgan vaqtida noma’lum shaxslar uning yo‘lini to‘sgan. Guvohning ta’kidlashicha, hujumchilar darhol qo‘llaridagi armatura bilan uning boshiga qasdma-qasd zarbalar bera boshlagan. Do‘stining uni himoya qilishga urinishlari natijasida, unga ham toshlar bilan hujum qilingan va og‘ir jarohatlar yetkazilgan. Shundan so‘ng hushini yo‘qotgan jabrlanuvchi mashinaga bosib olib ketilgan.
Marhumning akasi ukasini mahalla markazidan uch kilometr uzoqlikdagi ovloq va odam yashamaydigan hududdan topganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar jabrlanuvchini ko‘mib yuborishga urinishgan: tuproq ostida tirik qolishga harakat qilib o‘rnidan turgan ukasini ular yana sim bilan bo‘g‘ib, boshiga armatura va beton bo‘laklari bilan urib, o‘lim holatiga keltirishgan. Jabrlanuvchi 28 kun davomida komada yotib, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan vafot etgan.
Hozirgi vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Biroq, ushbu mudhish jinoyatning kelib chiqish sabablari va mojaroning asosiy omillari hozircha to‘liq ochiqlangani yo‘q. Jamiyatda bu kabi shafqatsizlik holatlarining takrorlanayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Source: kun.uz