Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan safari chog'ida Qarshi shahridagi 1-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi hamda 43-sonli umumta'lim maktabidagi mavjud og'ir sharoitlarni shaxsan ko'zdan kechirdi. O'rganishlar davomida bo'g'chaning avariya holatida ekani aniqlangan bo'lib, bu bolalar xavfsizligiga jiddiy xavf tug'dirishi qayd etildi. Shuningdek, 43-maktabdagi sinfxonalarning sovuqligi va o'quv partalarining o'ta eskirgani keskin tanqidga uchradi.

Vaziyat yuzasidan izoh berar ekan, rasmiy shaxs bolalik davri kutib turolmasligini va mavjud muammolarni kechiktirmasdan hal etish shartligini alohida ta'kidlab o'tdi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida eski va yaroqsiz bo'g'cha o'rnida 360 o'ringa mo'ljallangan zamonaviy talablarga to'la javob beradigan yangi bino qurilishi belgilandi. Shuningdek, 43-maktab binosini ham kapital ta'mirlash ishlari boshlanishi va u yerda o'quvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi ko'zda tutilgan.

Qayd etilishicha, ta'mirlash jarayonidan so'ng maktabda zamonaviy laboratoriyalar, chuqurlashtirilgan tillar va ijod to'garaklari tashkil etiladi. Bundan tashqari, ta'lim maskanida alohida ehtiyojli va imkoniyati cheklangan bolalar uchun ham barcha qulayliklarga ega bo'lgan inklyuziv muhit yaratilishi rejalashtirilgan. Bu kabi chora-tadbirlar hududda ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan navbatdagi qadam ekani aytilmoqda.

Safar davomida Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo ilg'or kasbiy mahorat texnikumida ham bo'lib, u yerdagi yoshlarning bilim olishga bo'lgan ishtiyoqi va kelajakka bo'lgan ishonchi o'zida iliq taassurot qoldirganini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, har bir farzand bog'chaga qo'ygan ilk qadamidan boshlab to mustaqil hayotga kirib borguniga qadar munosib va zamonaviy muhitda ta'lim-tarbiya olishi shart.

Source: kun.uz