Mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilgan so'nggi o'zgarishlarga ko'ra, ekstremistik yo'nalishdagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar endilikda qator muhim kasbiy va jamoatchilik faoliyatidan mahrum etilmoqda. Xususan, bunday shaxslarga ma'rifiy va jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanish, psixologik yordam ko‘rsatish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini ta'sis etish qat'iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, ularga ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar berilmaydi.
Qonun hujjatlarida belgilanishicha, ushbu cheklovchi choralar vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lib, ekstremistik yo'nalishdagi jinoyat uchun sudlanganlik holati tugatilgunga yoki qonuniy tartibda olib tashlangunga qadar amal qiladi. Shu bilan birga, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sudlanganligi tugallanmagan shaxslar ham psixologik yordam ko‘rsatish huquqidan mahrum etilishi aniq belgilab qo'yildi.
Ta'kidlash joizki, qonunchilikdagi yangi o'zgarishlar faqatgina jazolash choralari bilan cheklanib qolmay, balki ekstremistik faoliyatga aralashib qolgan fuqarolarni jamiyatga qaytarishga qaratilgan ijtimoiy moslashuv choralarini ham o'z ichiga oladi. Ushbu chora-tadbirlar ularning jamiyat hayotiga to'laqonli integratsiyalashuvini ta'minlashga qaratilgan bo'lib, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko'rsatish, ta'lim olish, kasb-hunar egallash hamda bandlikni ta'minlashda ko'maklashishni o'z ichiga oladi.
Ijtimoiy moslashuv jarayoni ikki bosqichda — jazoni o'tash davrida va u yakunlanganidan keyin amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. Jazoni o'tash vaqtida mahkumlarni ekstremistik qarashlardan voz kechirishga qaratilgan maxsus ijtimoiy-psixologik dasturlar qo'llaniladi. Ozodlikka chiqqanidan keyin esa tegishli reabilitatsiya markazlari tomonidan bir yilgacha bo'lgan muddatda yakuniy moslashuv ishlari olib boriladi.
Source: uznews.uz