Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida poytaxt aholisi uchun piyodalar va nogironligi bo'lgan shaxslar harakatlanishiga noqulay bo'lgan hududlarni qayd etish imkonini beruvchi maxsus onlayn-xizmat ishga tushirildi. Endilikda fuqarolar buzilgan yo'laklar, piyodalar yo'lagi yoki panduslarning yo'qligi hamda harakatlanishga to'sqinlik qiluvchi boshqa omillarni xaritada bevosita ko'rsatib o'tishlari mumkin bo'ladi.

Mazkur "Qulay Shahar" loyihasi taniqli bloger va raqamli xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Shuxrat Qurbonov (Kurbanoff.net) tomonidan taqdim etildi. Hozirgi kunda interaktiv xarita qulayshahar.uz rasmiy saytida faoliyat yuritmoqda, muammoli hududlar haqida esa @sharoit_bot maxsus Telegram boti orqali xabar berish imkoniyati yaratilgan.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, loyiha rasmiy shahar xizmati maqomiga ega emas hamda Toshkent shahar hokimiyati yoki "Xalq nazorati" tizimiga mutlaqo aloqasi yo'q. Bu fuqarolarning ko'ngilli ishtirokiga asoslangan mustaqil va notijorat tashabbus hisoblanadi. Muallif ushbu loyiha orqali poytaxtdagi piyodalar infratuzilmasining haqiqiy ahlovoliga e'tibor qaratishni maqsad qilgan.

Yuborilgan barcha fotosuratlar nashr etilishidan oldin majburiy moderatsiyadan o'tkaziladi, shuning uchun belgilangan nuqtalar xaritada darhol paydo bo'lmaydi. Yana bir muhim shart shundan iboratki, muammo haqidagi ma'lumot vaqt o'tishi bilan o'chib ketmaydi. U faqatgina joyida haqiqiy ijobiy o'zgarishlar qilinib, muammo bartaraf etilgandagina xaritadan olib tashlanadi.

Source: podrobno.uz