Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar natijasida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplab berish tartibi rasman tasdiqlandi. Ushbu yangi mexanizm fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda favqulodda hodisalar oqibatlarini bartaraf etishda davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Tasdiqlangan Nizomga muvofiq, respublikaning barcha tuman va shaharlari hokimliklari huzurida maxsus Zararni qoplash jamg‘armalari tashkil etiladi. Kompensatsiya miqdorini aniqlash ishlari esa tegishli maxsus komissiya tomonidan hududiy iqtisodiyot va moliya organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilandi.

Hujjatda aholining ayrim toifalariga bir martalik moddiy yordam mablag‘larini to‘lash aniq miqdorlari belgilab qo‘yildi. Xususan, favqulodda vaziyat oqibatida halok bo‘lgan fuqarolarning oila a'zolariga — er yoki xotin, farzandlar, ota-onalar va qaramog‘idagilarga har bir oila uchun 500 bazaviy hisoblash miqdoriga qadar (220 million so‘mgacha) mablag‘ teng ulushlarda taqsimlab beriladi.

Shuningdek, hodisa oqibatida turli darajada tan jarohati olgan fuqarolarga ham moddiy yordam ajratilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, og‘ir tan jarohati olganlarga 200 BHRgacha (88 million so‘m), o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat olganlarga 150 BHRgacha (66 million so‘m) hamda yengil tan jarohati olgan fuqarolarga 100 BHRgacha (44 million so‘m) miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Ta'kidlash joizki, barcha ushbu tovon pullari va kompensatsiya mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri favqulodda vaziyat kelib chiqishida aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mas'ul mansabdor shaxslari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilanib, bu amaliyot qat'iy nazoratga olinishi kutilmoqda.

Source: uznews.uz