Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog'ida Qarshi shahridagi bir qator ta'lim muassasalarida, jumladan, 43-sonli maktab, 1-sonli bolalar bog'chasi hamda texnikumda bo'lib, mavjud sharoitlarni shaxsan ko'zdan kechirdi.
O'rganish davomida aniqlangan muammolar jiddiy tashvish uyg'otgani ta'kidlandi. Xususan, bog'cha binosining avariya holatida ekanligi, maktab sinfxonalarida sovuqligi va eskirgan partalar saqlanib qolgani achinarli holat sifatida qayd etildi. Saida Mirziyoyeva bolalik kutmasligini va bu kabi kamchiliklarni kechiktirmasdan bartaraf etish majburiyatini ta'kidladi.
Safar davomida yangi infratuzilma loyihalari e'lon qilindi. Unga ko'ra, eskirgan bog'cha o'rnida 360 o'rinli zamonaviy yangi bino qurilishi, maktab esa tubdan rekonstruksiya qilinib, ilg'or laboratoriyalar, ijodiy to'garaklar hamda maxsus ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv muhit bilan ta'minlanishi belgilandi.
Shuningdek, delegatsiya Qashqadaryo ilg'or kasbiy mahorat texnikumiga tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerda yoshlarning kelajakka bo'lgan ishonchi va shijoati ijobiy baholanib, asosiy maqsad bolalar bog'chasidan tortib to voyaga yetgunga qadar munosib sharoitlar yaratish ekanligi yana bir bor ta'kidlandi.
Source: uznews.uz