Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iyul oyida Toshkent modernizmiga oid o‘nta obyekt YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan shaharsozlik va madaniy merosni asrab-avaylash masalalariga bag‘ishlangan muhokama bo‘lib o‘tdi. Tashkent Design Week doirasida tashkil etilgan tadbirda Italiyaning GRACE studiyasi arxitektori Kseniya Bisti va O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Saidaziz Eshonxo‘jayev ishtirok etib, ushbu jarayonning murakkab jihatlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Muhokamani dizayn hamda madaniy strategiya bo‘yicha ekspert Siril Zammit boshqarib bordi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkentning me’moriy merosi deganda faqat qadimiy yodgorliklar — masjid va madrasalargina emas, balki XX asrda bunyod etilgan va hamon kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan modernizm namunalari ham tushunilishi lozim. Biroq 2017-yilda Kinochilar uyining buzib yuborilishi jamiyatda o‘tgan asr me’morchiligini saqlab qolish zarurati haqida jiddiy savollarni tug‘dirdi. Sovet davriga to‘g‘ri keluvchi bu kabi obyektlarga nisbatan yondashuvlar turlicha bo‘lib, ularning qiymatini baholash va zamonaviy iqtisodiy sharoitlarga moslashtirish masalalari bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda.

Tadqiqot guruhi dastlab 40 dan ortiq obyektni ko‘rib chiqib, ularning holati, saqlanganlik darajasi va asl qiyofasini baholagan holda 24 ta binoni tanlab olgan. Har bir tanlangan obyekt uchun tarixiy va me’moriy qiymatini aks ettiruvchi maxsus pasportlar tayyorlangan bo‘lib, ular kelgusidagi restavratsiya ishlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, merosni muhofaza qilish obyektlarni o‘zgartirmasdan saqlashni emas, balki ularning bugungi kundagi vazifasi va qulayligini hisobga olgan holda maxsus strategiyalarni ishlab chiqishni talab etadi.

Source: www.gazeta.uz