2026-yil 11-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) doirasida O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturining strategik iqlim hamkorligiga bag‘ishlangan muhim tematik tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbir O‘zbekiston milliy pavilonida «O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturining strategik iqlim hamkorligi: majburiyatlardan investitsiyalar va barqarorlikni oshirish sari» mavzusida tashkil etilib, unda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, milliy iqlim majburiyatlarini amalda tatbiq etish va iqlim loyihalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilinishi kutilmoqda.
Xususan, Parij bitimi doirasida O‘zbekistonning uchinchi Milliy miqyosda belgilanadigan hissasi (NDC 3.0)ni amalga oshirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, iqlimni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda investitsiya uchun jozibador loyihalar portfelini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekistonning Yo‘qotishlar va zararlarni qoplash jamg‘armasi (FRLD) bilan hamkorlik tashabbusi hamda BMTTD ko‘magida amalga oshirilayotgan «Climate BRIDGE» tashabbusidagi ishtiroki ko‘rib chiqiladi. Ushbu tashabbus milliy iqlim majburiyatlarini aniq va samarali investitsiya loyihalariga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda O‘zbekiston davlat organlari, BMTTD, xalqaro moliya institutlari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Muhokamalar davomida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha milliy rejalarni ishlab chiqish, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasi kabi iqlim taʼsiriga o‘ta zaif hududlar barqarorligini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan bo‘lib, uchrashuv yakunida keyingi amaliy qadamlar belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Source: kun.uz