Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Joriy yil boshidan buyon respublika hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida jami 7823 tonna hajmdagi sifatsiz neft mahsulotlarining sotuvga chiqarilishi o‘z vaqtida oldi olindi. O‘zenergoinspeksiya maʼlumotlariga ko‘ra, bunday qoidabuzarliklar jami 330 ta holatda aniqlangan bo‘lib, ular asosan mamlakatimizda talab yuqori bo‘lgan AI-92 hamda AI-95 markali benzinlarga to‘g‘ri kelmoqda.

️ O‘tkazilgan matbuot anjumanida inspeksiya vakillari aniqlangan 330 ta holatning naq 240 tasi bevosita AYoQShlardagi benzin mahsulotlari bilan bog‘liqligini tan olishdi. Biroq, mutasaddilar sifatsiz deb topilgan yoqilg‘ining aniq hajmi, uning qaysi texnik parametrlar yoki talablarga javob bermagani hamda har bir marka bo‘yicha alohida taqsimot qandayligiga aniqlik kiritishmadi.

️ Shuningdek, tadbir davomida isteʼmolchilar va haydovchilar uchun eng og‘riqli bo‘lgan savollar — sifatsiz yoqilg‘i sotgan shoxobchalarga nisbatan ko‘rilgan aniq jazo choralari hamda avtomobillarga yetkazilgan moddiy zararning qoplanishi yoki baholanishi masalalari ochiqligicha qoldi. Vakillar bu savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan qochib o‘tishdi.

️ Eslatib o‘tamiz, mutaxassislar avvalroq yoqilg‘i sifatidan norozi bo‘lgan haydovchilarga xarid cheklarini saqlab qolishni hamda avtomobil dvigatelidagi nosozliklar yuzasidan rasmiy texnik xizmat stansiyalarining xulosalarini olib, O‘zenergoinspeksiyaga murojaat qilishni tavsiya etishgan edi.

Source: kun.uz