O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov navbatdagi fuqarolar shaxsiy qabulini o‘tkazdi. Odatda har oyning oxirgi yakshanbasida tashkil etiladigan mazkur tadbir bu gal shanba kuniga to‘g‘rilanib, an’anaviy manzil — IIV huzuridagi JAR sport-sog‘lomlashtirish majmuasida soat 10:00 dan 23:00 ga qadar davom etdi. Murojaat qilgan fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ularning aksariyati uzoq davom etayotgan idoralararo sansalorliklar, tergov jarayonlarining cho‘zilishi hamda mulkiy nizolar yechimini topmayotganidan jiddiy tashvishda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, kun davomida jami 481 ta murojaat ro‘yxatga olinib, shundan 236 tasi yoki 49 foizi joyida ijobiy hal etilgan. Qolgan 245 ta murojaat esa qo‘shimcha o‘rganish va surishtiruv talab etgani bois qat’iy nazoratga olinib, tegishli sohaviy xizmatlarga yo‘naltirilgan. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan ham joylarda qabullar o‘tkazilib, 199 ta murojaat ko‘rib chiqilgan va ularning 37 foizi hal etilgani ma’lum qilindi.
Shunga qaramay, qabulga kelgan ko‘plab fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tergov organlarining harakatlaridan noroziligini bildirishdi. Xususan, Toshkent shahridan kelgan Muxtorxo‘ja Azimov ustalar bilan yuzaga kelgan shartnoma muammolari bo‘yicha oylar davomida adolat topa olmayotganini, uyining tomi avariya holatida qolib ketganini ta’kidladi. Shuningdek, boshqa murojaatchilar ham qalbaki hujjatlar, o‘g‘rilik ishlarining cho‘zilishi va tergovchilar tomonidan bosim o‘tkazilayotganini iddao qilib, vazirdan shaxsiy nazoratga olishni so‘rashdi.
Source: www.gazeta.uz