Joriy yilning 30-oktabr kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston: barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida» deb nomlangan kitobining xitoy tilidagi rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu salmoqli nashrga davlat rahbarining 2021–2025-yillardagi nutqlari, ma’ruzalari, turli maqolalari hamda intervyulari jamlangan bo‘lib, u keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Nufuzli tadbirda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyati, yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, diplomatik korpus va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Prezident maslahatchisi O. Davlatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Odiljon Tojiev, Taraqqiyot strategiyasi markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov o‘rin olishdi. Taqdimot marosimini O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev ochib berdi.
Mazkur kitob Xitoyning nufuzli «Jenmin» nashriyoti tomonidan chop etilgan bo‘lib, uni tayyorlash jarayonida Minzu universiteti olimlari ham yaqindan qatnashdilar. Nashr xitoylik o‘quvchilarga O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni, mamlakatning strategik taraqqiyot yo‘nalishlari va tashqi siyosiy ustuvorliklarini davlat rahbarining shaxsiy qarashlari orqali chuqurroq o‘rganish imkonini taqdim etadi. Elchi Farhod Arziyevning ta’kidlashicha, ushbu asar xalqaro jamoatchilikni Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor qadamlari bilan tanishtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Taqdimot doirasida Xitoy rasmiylari O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga yuqori baho berdilar. Xususan, XKP Markaziy qo‘mitasi Targ‘ibot bo‘limi rahbari Li Shuley ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi siyosiy iroda munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqanini qayd etdi. XKP Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysinning fikricha, kitobning xitoy tilida nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘lib, bo‘lajak diplomatik munosabatlarning 35 yilligi arafasida Pekin O‘zbekiston tanlagan yo‘lni to‘la qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildiradi.
Source: kun.uz