Toshkent shahridagi qator oliy ta’lim muassasalarida talabalar “Xavfsiz talaba” mobil ilovasini o‘rnatishga majburlanayotgani va buni rad etganlar darslarga kiritilmayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida (O‘zDJTU) talabalar binoga kirishda tekshirilib, ilovani yuklab olishga majburlanayotgani aks etgan video va murojaatlarni e’lon qilgan edi.
O‘zDJTU rektori Ilhomjon To‘xtasinovning bildirishicha, Uchtepa tumani prokuraturasi rahbariyati universitetga tashrif buyurib, talabalar xavfsizligini ta’minlash va nazoratni kuchaytirish maqsadida mazkur ilovani joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan. Rektorning so‘zlariga ko‘ra, bu talablar Prezidentning Toshkentdagi talabalar shaharchasiga tashrifidan keyin belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda, biroq talabalarni darsga kiritmaslik universitetning maqsadi emasligini va bu borada tushunmovchiliklar yuzaga kelganini ta’kidladi.
Yuzaga kelgan mojara fonida O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish jarayonini tartibli tashkil etmagani sababli lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoqlardagi keskin tanqidlar va talabalar o‘rtasidagi noroziliklar ortidan Ta’lim va fan vazirligi hamda Bosh prokuratura vaziyatni nazoratga olib, o‘rganish ishlarini boshlagan.
O‘z navbatida, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov platforma talabalar uchun majburiy emasligini, uning asosiy maqsadi xavfsiz muhit yaratish va tezkor yordam chaqirish imkonini berishdan iborat ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, idora talabalarni ilovani o‘rnatishga majburlash yoki darsdan chetlatish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bermaganini rasman tasdiqladi.
Source: www.gazeta.uz