Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda zararli chiqindilarni qisqartirish hamda tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi buzilishining oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan korxonalar ustidan ekologik nazorat sezilarli darajada kuchaytirildi.

Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi «Porloq» mahallasi aholisidan tushgan murojaatlarga asosan Ekopoliitsiya xodimlari xo‘jalik sovuni ishlab chiqaruvchi «H.S.» korxonasida tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv davomida mazkur obyekt zarur chang-gaz tozalash filtrlari bilan jihozlanmagani, oqibatda ifloslantiruvchi moddalar bevosita atmosferaga tarqalgani aniqlandi. Shuningdek, korxonaning davlat ekologik ekspertizasidan ijobiy xulosasi yo‘qligi ma’lum bo‘lib, uning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ham shunday choralar ko‘rilib, «Yuqori Darxon» mahallasidagi issiqxonada ekologik talablarni buzgan holda ko‘mir yoqilayotgani aniqlangan. Nosoz filtr bilan jihozlangan ushbu issiqxona faoliyati to‘xtatilib, mas’ul shaxsga jarima solindi. Milliy qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bunday reyd tadbirlari tunu kun rejimida olib borilmoqda.

Sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish va monitoring tizimini kengaytirish doirasida I–II toifadagi korxonalarda 459 ta avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatildi. Toshkentda 554 ta korxona xatlovdan o‘tkazilib, 67 ta obyektda 186 ta chang-gaz tozalash qurilmasi yangilandi. Avtotransport vositalaridan chiqadigan chiqindilarni kamaytirish aksiyalari va ilmiy tadqiqotlar, jumladan, Green University'da zamonaviy termooktik analizatorlarni joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.

Source: uznews.uz