O‘zbekistonda transport xizmatlari hajmi sezilarli darajada o‘sgani va mamlakatdagi 27 ta logistika markazi xalqaro “quruqlik portlari” maqomini olganiga qaramay, mavjud infratuzilma hozircha yagona tizim sifatida ishlamayapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan tayyorlangan yangi tadqiqotda mamlakatning transport-logistika salohiyati, mavjud to‘siqlar va ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha tahlil qilindi.
Asosiy faktlar: 2017-yildan buyon transport xizmatlari hajmi 36 trln so‘mdan 188,2 trln so‘mgacha oshdi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa bu ko‘rsatkich 85,3 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 foizga ko‘paydi. Shuningdek, 27 ta transport-logistika markazi BMTning ESKATO xalqaro tarmog‘iga kiritildi, biroq ma’muriy va infratuzilmaviy to‘siqlar sababli potentsial daromadlar boy berilishi mumkin.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, infratuzilmaviy, moliyaviy va ma’muriy to‘siqlar bartaraf etilmasa, mamlakat xalqaro transport koridorlarini rivojlantirishdan olinadigan foydaning muhim qismidan ayrilib qolishi mumkin. Hujjatda transport-logistika sohasining holati, ombor ko‘chmas mulki bozori, investitsiyaviy cheklovlar chuqur o‘rganilib, xalqaro operatorlarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hamda yagona raqamli logistika platformasini yaratishni o‘z ichiga olgan yettita ustuvor islohot yo‘nalishi taklif etilgan.
So‘nggi yillarda yuk tashish tarkibida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, Yevroosiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda temiryo‘l orqali konteyner tashuvlari hajmi tariximizda ilk bor 100 ming TEU (20 futlik konteyner ekvivalenti) ko‘rsatkichiga yetdi. Shu bilan birga, temiryo‘l transportida tashilgan jami yuk hajmi 107,9 million tonnadan oshgan. Biroq, tashuvlarning asosiy qismi hanuzgacha ko‘mir, ruda va qurilish materiallari kabi uyum holidagi yuklarga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa konteynerlashtirish darajasini yanada oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Xalqaro miqyosda e’tirof etilgan Navoi Cargo, Kungrad Cargo Impex, Multimodal Trans Terminal, Universal Logistics Services, Orient Logistics Centre va Termez Cargo Centre kabi markazlar mamlakatning logistika imkoniyatlarini kengaytirgan bo‘lsa-da, ularning o‘zaro muvofiqlashuvi yetarli emas. Agentlik ushbu sohani Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi hamda Transafg‘on yo‘nalishlari bilan integratsiya qilish zarurligini alohida ta’kidlaydi.
Source: www.gazeta.uz