Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiyaning Balıkesir viloyatida oldin topilgan jasadning 46 yoshli Samarqand viloyati fuqarosi Dilafruz Chulliyevaga tegishli ekanligi DNK ekspertizasi orqali rasman tasdiqlandi. Bu haqda Turkiyadagi “O‘zbek ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” ma’lum qildi.

Ekspertiza jarayonida vafot etgan ayolning oila a’zolaridan olingan DNK namunalari solishtirildi va ularning to‘liq mos kelishi aniqlandi. Jamiyatning xabar berishicha, hozirda vafot etgan shaxsning jasadi qarindoshlariga topshirilishi bilan bog‘liq ma’muriy va huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Jasadni vatanga qaytarish jarayoni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. “O‘zbek ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” ish adolatli yakunlangunga, aybdor shaxslar aniqlandi va ular qonun doirasida javobgarlikka tortilguncha jarayonni nazorat qilishda davom etishini bildirdi.

Oldinroq Turkiyada shikastlangan holatda topilgan ayol jasadi haqida u Dilafruz Chulliyevaga tegishli bo‘lishi mumkin degan ma’lumotlar tarqalgan edi. Ushbu qotillikda gumon qilinayotgan to‘rt nafar shaxs hibsga olingan, ularning O‘zbekiston fuqarolari ekanligi xabar qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Chulliyeva Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lib, Balıkesir viloyatining Burhaniye tumanidagi uyda xizmatchi sifatida ishlagan. U 21-yanvardan beri yo‘qolib, qidiruvda edi.

Bu so‘nggi vaqtlarda Turkiyada shafqatsizlarcha o‘ldirilgan uchinchi o‘zbekistonlik ayol bo‘ldi. Bundan oldin Istanbulda Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva ham qotillik qurboniga aylangan edi. Ularning o‘limi turk jamiyatida keng rezonansga sabab bo‘lgan.

Source: kun.uz