Davlat mehnat inspeksiyasi Enter Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi va unga aloqador korxonalarda ishlayotgan 12 754 nafar ishchining ish haqi bo‘yicha qarzdorligini undirib berdi. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot kotibi Gulnoza Alimova o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya xodimlari ish haqi ololmayotgani, vazirlik esa vaziyatga go‘yoki munosabat bildirmayotgani haqida xabarlar tarqalgan.
2026-yil mart holatiga ko‘ra, Enter Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi hamda uning tasarrufidagi korxonalar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar asosida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan tegishli tekshiruv va o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Vazirlikning qayd etishicha, joriy yilda mehnat inspeksiyasi Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan 11 ta obyektda qarzdorlikni undirish bo‘yicha choralar ko‘rgan.
Tekshiruvlar Enter Engineering kompaniyasiga aloqador 34 ta korxonani qamrab oldi. Natijada Enter Engineering kompaniyasidan 12 754 nafar ishchining ish haqi undirildi va to‘lab berildi, deb ma’lum qildi Gulnoza Alimova. Biroq, undirilgan qarzdorlik miqdori ochiqlanmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, tekshiruvlar davom etmoqda va xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Enter Engineering, Eriell va Saneg (shuningdek, tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador bo‘lgan boshqa ko‘plab kompaniyalar) xodimlari ish haqi bir necha oylab kechiktirilayotgani haqida muntazam ravishda xabar berib keladi. Internetda ish haqi to‘lanishini talab qilayotgan ishchilarning foto va videolari bir necha bor tarqalgan. 2024-yil iyun oyida Gazeta xodimlarning bu kabi kechikishlar haqidagi hikoyalarini e’lon qilgandi, bu esa muammoning uzoq vaqtdan beri davom etayotganini ko‘rsatadi.
Source: www.gazeta.uz