Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiyaning Balıkesir viloyatida oldin topilgan jasadning 46 yoshli Samarqand viloyati aholisi Dilafruz Chulliyevaga tegishli ekanligi DNK ekspertizasi orqali tasdiqlandi. Bu haqda Turkiyadagi “O‘zbek ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” ma’lum qildi.

Ekspertiza jarayonida vafot etgan ayolning oila a’zolaridan olingan DNK namunalari solishtirilib, to‘liq mos kelishi aniqlandi. Jamiyatning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda vafot etgan ayolning jasadi qarindoshlariga topshirilishi bilan bog‘liq ma’muriy va huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Jasadni vatanga qaytarish jarayoni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

“O‘zbek ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” bu ish adolatli yakunlanguncha, aybdor shaxslar aniqlandi va ular qonun doirasida javobgarlikka tortilguncha jarayonni nazorat ostida ushlab turishini e’lon qildi. Oldinroq Turkiyada tanasi shikastlangan holda topilgan ayol jasadi Dilafruz Chulliyevaga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.

Ushbu qotillikda gumon qilinayotgan to‘rt nafar shaxs hibsga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi. Dilafruz Chulliyevaning Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasi borligi, Balıkesir viloyatining Burhaniye tumanidagi uyda ishlagani, 21-yanvardan beri yo‘qolib, qidiruvda ekanligi ma’lum qilindi.

Bu oxirgi vaqtlarda Turkiyada shafqatsizlarcha o‘ldirilgan uchinchi O‘zbekiston fuqarasi ayol hisoblanadi. Bundan oldin Istanbulda O‘zbekistonlik Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva ham qotillik qurboniga aylangan edi. Ularning o‘limi Turkiya jamiyatida keng rezonans qozondi.

Source: kun.uz