O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni qishloq va suv xo‘jaligi uchun muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotini ko‘rib chiqdi. Uchrashuvda bir qator sohalarda ilmiy bilimlar amaliyotdan uzoqlashayotgani ta’kidlandi. Xususan, qishloq va suv xo‘jaligidagi yirik loyihalarni amalga oshirishda ilmiy asoslar va olimlar salohiyati to‘liq qo‘llanilmay, natijada ba’zi loyihalar kutilgan natijalarga erisha olmayapti.
Hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Universitetda yetti fakultet, 37 kafedra va 38 ta’lim yo‘nalishi mavjud. Bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasi 93% ni tashkil etadi. Shuningdek, xorijiy talaba va o‘qituvchilar soni ham o‘sib bormoqda.
Taqdimotda nazariya va amaliyot o‘rtasidagi bog‘lanishni mustahkamlash uchun dual ta’lim tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Taklif etilgan modelga ko‘ra, talabalar to‘rt kun nazariy bilim olishi, ikki kun esa ishlab chiqarish korxonalarida haqli amaliyot o‘tashlari rejalashtirilgan. Masalan, suv xo‘jaligi yo‘nalishi talabalari suv tejash va sug‘orishni samarali tashkil etish loyihalarida, gidrotexnika va gidroenergetika sohasidagilar esa kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektrostansiyalar qurishda ishtirok etishlari mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning suv resurslarining katta qismi chegaradosh manbalarga bog‘liqligi e’tiborga olindi. Shu sababli, suv diplomatiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash muhim strategik vazifa sifatida ko‘rsatildi. Universitetda mavjud “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistraturasi dasturini kengaytirish va davlat grantlari bo‘yicha o‘qish kvotalarini oshirish taklif qilindi. Markaziy Osiyo va Afg‘oniston mamlakatlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar ham taqdim etildi. Xususan, dronlar yordamida ekiladigan maydonlarni monitoring qilish, hosildorlikni prognozlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va kosmik monitoring ma’lumotlari asosida ilmiy tavsiyalar tayyorlash xizmatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Buning uchun universitetda dronlarni boshqarish kurslarini ochish, kosmik tadqiqotlar va sun’iy yo‘ldoshlar laboratoriyasini, shuningdek kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini yaratish niyati bildirildi.
Source: kun.uz